PF-73-son Farmon · 28.04.2025

Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-73
  • Qabul qilingan sana:28.04.2025
  • Kuchga kirgan sana:29.04.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/25/73/0389

Mamlakatimizda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yagona yondashuv asosida tubdan takomillashtirish, mazkur yoʻnalishda oliy taʼlim dasturlarini xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish, shuningdek, taʼlim sohasida uzviylik va uzluksizlikni hamda ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida:

1. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining:

maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari uchun yagona yondashuv asosida pedagog kadrlar tayyorlashni amalga oshirish;

pedagogik taʼlim sohasining taʼlim dasturlarini xalqaro taʼlim dasturlariga mos ravishda takomillashtirish hamda dual taʼlim shaklidan keng foydalanish;

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet)ni tashkil etish;

Universitetni respublikada pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha yetakchi oliy taʼlim tashkiloti etib belgilash;

respublikada pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yagona yondashuv asosida yangi sifat bosqichiga olib chiqish maqsadida maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining pedagogik taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimini joriy etish;

roʻyxati 1-ilovada keltirilgan pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarini Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi pedagog kadrlar tayyorlash sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

yagona konseptual yondashuv asosida oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yuritish;

pedagogik taʼlim sohasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;

pedagogik taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini, taʼlim-tarbiya jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari joriy etilishini taʼminlash;

pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish;

pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — pedagogika oliy taʼlim tashkilotlari) boshqaruv tizimini takomillashtirib borish.

3. Quyidagilar:

Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;

Pedagogik taʼlimni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashining yangilangan tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

a) Universitetga xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan yoʻnalishlar uchun ularning talablaridan kelib chiqib, talabalarni qabul qilishda mustaqil ravishda qoʻshimcha va alohida imtihonlar (suhbat, test, insho, keys topshiriqlari va boshqalar) tashkil etishga ruxsat etiladi;

b) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich:

Universitetning boshqaruv tizimi “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi;

Universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, yuridik shaxs boʻlmagan 6 ta pedagogika oliy maktablari tashkil etiladi;

pedagogika oliy maktabi dekan tomonidan boshqariladi va taʼlim sifatini taʼminlash, pedagogika maktabini rivojlantirish, ilmiy faoliyatni boshqarish hamda ushbu yoʻnalishlarda xalqaro aloqalarni amalga oshirish uning asosiy vazifalari etib belgilanadi;

akademik faoliyat raqamlashtirilgan boshqarish tizimi (Learning management system) orqali yoʻlga qoʻyiladi hamda “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi;

Universitetning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga birinchi kursdan xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi;

xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan taʼlim yoʻnalishlarida xalqaro tajribalar asosida talabalar bilimini baholashning yangi tizimi joriy etiladi;

mustaqil bilim olishga oʻrgatishga yoʻnaltirilgan innovatsion taʼlim texnologiyalari pedagogik taʼlim amaliyotiga kiritiladi;

xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Universitet va pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan taʼlim yoʻnalishlarida dars berish uchun professor-oʻqituvchilarni tanlab olish tizimi joriy etiladi;

v) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:

pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarida Universitetga mos ravishda boshqaruv tizimi takomillashtiriladi va xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etib boriladi;

Universitet pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha yetakchi oliy taʼlim tashkiloti sifatida taʼlim dasturlarini xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish jarayonlarini muvofiqlashtiradi;

Universitet tarkibidagi Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi faoliyati xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish asosida takomillashtiriladi.

5. Oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:

pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki taʼlim shakli boʻyicha tashkil etilib, sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;

bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha pedagog kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasini shakllantirish Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan pedagog kadrlarni davlat buyurtmasidan tashqari tayyorlash pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining takliflari asosida amalga oshiriladi;

oliy pedagogik taʼlim yoʻnalishida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi;

b) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostika qilish tizimi joriy etiladi. Bunda diagnostika natijalariga koʻra pedagog kadrlar tayyorlash sifati belgilangan talablarga javob bermaydigan taʼlim yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlashni cheklash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;

pedagog kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmalarini prognoz qilish va shakllantirishda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining maʼlumotlar almashinuvini avtomatlashtirish va boshqarish boʻyicha yagona dasturiy kompleksi (ERP) maʼlumotlari tahlil qilinadi va tegishli takliflar ishlab chiqiladi.

6. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova):

a) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:

xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Universitetning xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan taʼlim yoʻnalishlarida dars berish uchun professor-oʻqituvchilarni tanlab olish tizimini yoʻlga qoʻysin;

tanlab olingan professor-oʻqituvchilarni Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xorijiy universitetlarga maqsadli malaka oshirishga yuborish tizimini joriy etsin;

b) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin;

v) umumiy oʻrta taʼlim maktabining oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilari uchun pedagogika sohasida maqsadli magistraturani joriy etish boʻyicha 2025-yil yakuniga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2026-yil 1-sentabrdan boshlab respublikadagi mavjud pedagogika texnikumlarining oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim dasturlarini bosqichma-bosqich joriy qilsin.

8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti xodimlariga A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining tegishli xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlarini tatbiq etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari innovatsion pedagogik taʼlim klasterlarini tashkil etish maqsadida pedagogika oliy taʼlim tashkilotlariga yaqin hududdan kamida bittadan maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlarini qurish uchun qoʻshimcha yer maydonlarini ajratish masalasini koʻrib chiqsin hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda 2025-yil yakuniga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

10. Belgilab qoʻyilsinki, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab:

pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining toʻlov-kontrakt (shu jumladan, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt) shaklida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarining mazkur mablagʻlar boʻyicha moliya yili oxiriga qoldiq (tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilgan mablagʻlar ham inobatga olingan holda) qismining 4 foizi miqdoridagi ajratmalarni Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkazish amaliyoti bekor qilinadi;

mazkur mablagʻlar pedagogika oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan ushbu Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga yoʻnaltiriladi.

11. Ushbu Farmon ijrosi bilan bogʻliq budjet mablagʻlari hisobidan xarajatlarni moliyalashtirish 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritgan holda amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

13. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 28-aprel,

PF-73-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-son Farmoniga1-ILOVA

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimiga oʻtkaziladigan pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-son Farmoniga2-ILOVA

Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-son Farmoniga3-ILOVA

Pedagogik taʼlimni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi

Izohlar:

Pedagogik taʼlimni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi tarkibiga Kengash qarori bilan boshqa ishtirokchilar ham kiritilishi mumkin.

Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-son Farmoniga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022 — 2026-yillarda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-134-son Farmonida:

6-bandning beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

7-bandning “v” kichik bandi ikkinchi xatboshisidagi “2 — 4-bosqich talabalari” soʻzlari “3-4-bosqich talabalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga 1-ilovaning “13. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-152-son Farmonining 5-bandida:

toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi PF-70-son Farmoniga 1-ilovaning 56-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi “Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3821-son qarorida:

a) 4-bandda:

quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilarga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi”;

sakkizinchi xatboshi toʻqqizinchi xatboshi deb hisoblansin;

b) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“6. Belgilansinki, Universitet faoliyatining jamoatchilik boshqaruvi oliy organi boʻlib tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan Universitetning Kuzatuv kengashi hisoblanadi”;

v) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4963-son qarorining 10-bandi beshinchi va oltinchi xatboshilaridagi tegishli kelishikdagi “Institut va hududiy markazlar” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Institut, hududiy markazlar hamda Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-289-son qarorida:

2-bandning “b” kichik bandi uchinchi xatboshisidagi “2 — 4-bosqich talabalari” soʻzlari “3-4-bosqich talabalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;

12-bandning birinchi xatboshisidan “6-ilovaga muvofiq tarkibda” soʻzlari chiqarib tashlansin;

13-bandning uchinchi xatboshisidagi “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

6-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-290-son qarorida:

a) 7 va 8-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 11-bandda:

toʻrtinchi, beshinchi, oltinchi va sakkizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

yettinchi va toʻqqizinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-231-son qaroriga 2-ilovaning 6-pozitsiyasida:

a) “Chora-tadbirlar” ustunida “A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar pedagogik mahorat markazlarining” soʻzlaridan keyin “, Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

b) “Amalga oshirish mexanizmi” ustunida:

birinchi xatboshidagi “Institut va hududiy markazlar” soʻzlaridan keyin “, Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

uchinchi xatboshidagi “701 nafar” va “421 nafar” soʻzlari tegishincha “738 nafar” va “458 nafar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.