“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ijtimoiy xizmat koʻrsatish qamrovi va turlarini kengaytirish, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish koʻlamini yanada oshirish hamda ushbu jarayonda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Ushbu qarorning asosiy maqsadi oilalardagi oʻzgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar turlari va qamrovini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish hisoblanadi.
II. “Faol hayotga qadam” dasturi
2. 2025-yil 1-iyundan boshlab oʻzgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) joriy etilsin.
3. Belgilansinki, Dastur doirasida quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi:
(a) uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam koʻrsatish xizmati;
(b) uy sharoitida qarab turish xizmati;
(v) tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;
(g) kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
(d) shaxsiy yordamchi xizmati.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Dastur doirasida yoʻlga qoʻyiladigan ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismini vaucher asosida qoplab berish tizimi joriy etiladi. Bunda:
(a) vaucher qiymati Ijtimoiy himoya milliy agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar va Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi hisobidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda subsidiya shaklida toʻlanadi;
(b) Dastur doirasida yoʻlga qoʻyiladigan ijtimoiy xizmatlar Agentlikning “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va tizim tashkilotlari bilan bir qatorda yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxslar yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan koʻrsatiladi;
(v) vaucher berish va uning qiymatini toʻlash hamda ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchilar bilan shartnomalar imzolash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi “Oila hamkori” platformasi orqali amalga oshiriladi;
(g) vaucher Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan toifadagi shaxslarga beriladi;
(4-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)
(d) Agentlikka Dastur doirasida quyidagi huquqlar beriladi:
(i) 2027-yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida jalb etish;
(ii) individual ijtimoiy xizmatlar rejasini shakllantirish va uning bajarilishini monitoring qilib borish uchun mutaxassislarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida jalb etish.
5. Agentlik:
(a) 2025-yil 1-sentabrga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xodimlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash dasturlarini ishga tushirsin;
(b) 2025-yil 1-dekabrga qadar Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari huzurida oʻzgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslar uchun kichik hajmli oilaviy uylarni tashkil etsin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
6. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Agentlik ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Agentlik direktori M.P. Olloyorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-may,
PQ-171-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PQ-171-son qarorigaILOVA
Oʻzgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha