Chorvachilikning sutchilik tarmogʻini jadal rivojlantirish hamda sut mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — QXRXJ) ishtirokidagi “Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasining (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami 320 ta mahallaga, sut yetishtiruvchi 12 mingta aholi va dehqon xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi 100 ta sut yigʻish punktini tashkil etish;
(b) 865 nafar aholi va dehqon xoʻjaligiga sutni qayta ishlovchi korxonalarni tashkil etish va modernizatsiya qilishga 250 ming AQSH dollarigacha imtiyozli kreditlar ajratishni tashkil etish;
(v) qoramollarning mahsuldorligini oshirish boʻyicha sut yetishtiruvchi 1,2 ming nafar aholi va dehqon xoʻjaligi vakillarini xorijiy mutaxassislar tomonidan oʻqitish;
(g) sut yetishtiruvchi va sotib oluvchilarni birlashtiradigan Milliy sut mahsulotlari platformasi dasturiy taʼminotini ishga tushirish.
II. Moliyaviy resurslar
2. Quyidagilar:
(a) QXRXJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga Loyihani moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 25 yilga 30,0 mln AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hamda 7,8 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari ajratilishi;
(b) Loyihaning umumiy qiymati 53,01 mln AQSH dollari ekvivalentida boʻlib, shundan:
(i) QXRXJning imtiyozli krediti 30,0 mln AQSH dollari, QXRXJ krediti — 7,8 mln AQSH dollari;
(ii) 5,94 mln AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar — Loyiha ishtirokchilari (benefitsiarlar)ning ulushi;
(iii) 9,27 mln AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar, shu jumladan, soliq, bojxona va ofis ijara xarajatlari toʻlovlari koʻrinishidagi 3,69 mln AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlar koʻrinishidagi 5,58 mln AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining ulushi ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar:
(a) “Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) “Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi boʻyicha Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi kreditlaridan foydalanish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
(v) “Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi kreditlaridan foydalanish, ularni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini toʻlashning prognoz jadvallari 3a va 3b-ilovalarga muvofiq;
(g) “Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Loyihani amalga oshirish davri 7 yil etib (2025 — 2031-yillar) belgilanib, ushbu davrda quyidagilar amalga oshiriladi:
(a) Loyihada ishtirok etuvchi moliyaviy tashkilotlarga kreditlar oʻzbek soʻmida va AQSH dollarida taqdim etiladi;
(b) Loyiha doirasida ishtirok etuvchi moliyaviy tashkilotlarga milliy valyutada ajratiladigan kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi;
(v) AQSH dollariga nisbatan oʻzbek soʻmining valyuta kursi tebranishlari tufayli yuzaga keladigan ehtimoliy xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
5. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Veterinariya qoʻmitasi) bir oy muddatda Veterinariya qoʻmitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan QXRXJ ishtirokida “Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish guruhini tashkil etsin.
6. Belgilansinki, Loyihani amalga oshirish davrida Loyihani amalga oshirish guruhining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali har yili Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Veterinariya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Iqtisodiyot va moliya vaziriga qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimlarga Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Veterinariya qoʻmitasi hamda loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan kelishilgan holda tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
8. Loyihaga masʼul etib quyidagilar belgilansin:
(a) QXRXJning kreditini oʻz vaqtida oʻzlashtirish va subloyihalarni amalga oshirishga — Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklari;
(b) Loyiha doirasida chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga — Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo viloyatlari hokimlari;
(v) Loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirishga — Veterinariya qoʻmitasi.
9. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va QXRXJ oʻrtasida imzolangan qarz bitimi va zarurat tugʻilganda unga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha yuridik xulosa bersin.
10. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
11. Bosh prokuratura Loyihaga ajratilayotgan mablagʻlar maqsadli va samarali sarflanishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirsin.
12. Veterinariya qoʻmitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi kreditlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
13. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-may,
PQ-172-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-maydagi PQ-172-son qaroriga1-ILOVA
“Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari
* Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlarini, shuningdek, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha tenderlar hujjatlarini tayyorlash natijalariga koʻra aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-maydagi PQ-172-son qaroriga2-ILOVA
“Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi boʻyicha Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi kreditlaridan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-maydagi PQ-172-son qaroriga3a-ILOVA
“Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi kreditlaridan foydalanish, ularni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini toʻlashning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-maydagi PQ-172-son qaroriga3b-ILOVA
“Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi qarz mablagʻlarini oʻzlashtirish va qaytarish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-maydagi PQ-172-son qaroriga4-ILOVA
“Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish boʻyicha