PQ-184-son Qaror · 15.05.2025

2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-184
  • Qabul qilingan sana:15.05.2025
  • Kuchga kirgan sana:17.05.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/184/0447

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-16-son Farmoni ijrosini taʼminlash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ushbu yoʻnalishda davlat organlarining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻzaro hamkorlikdagi saʼy-harakatlarini hamda Oʻzbekiston ekologik partiyasining fuqarolar ekologik bilimlarini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:

I. Kutilayotgan maqsadli koʻrsatkichlar

1. Ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlanayotgan asosiy maqsad etib 2030-yilda quyidagi koʻrsatkichlarga erishish belgilansin:

(a) 3,3 million nafar maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatning shakllanishi;

(b) 4,2 million nafar umumiy oʻrta taʼlim tizimi tashkilotlari oʻquvchilarida ekologik taʼlim-tarbiyaning mustahkamlanishi, ekologik madaniyatning yuksalishi;

(v) 400 ming nafar oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tizimi tashkilotlari oʻquvchilarida ekologik taʼlim-tarbiyaning mustahkamlanishi, ekologik madaniyatning yuksalishi;

(g) 1,9 million nafar oliy taʼlim tizimi tashkilotlari talabalarida ekologik madaniyatning yuksalishi;

(d) 90 foiz davlat organlari, korxona va muassasalari xodimlarida ekologik madaniyatning yuksalishi.

II. Dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari

2. Quyidagilar:

(a) 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

(b) 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

(v) 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini qabul qilishdan kutilayotgan maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar) (keyingi oʻrinlarda — maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

(a) Konsepsiya 2027-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan har ikki yil muddatga tasdiqlanadigan alohida “yoʻl xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;

(b) davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik bilimini oshirishga qaratilgan bepul oʻquv kurslari tashkil etiladi;

(v) davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ekologik madaniyatni yuksaltirish bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarga qonunchilikda belgilangan tartibda har yili toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish yoʻli bilan davlat ijtimoiy buyurtmasi beriladi;

(g) Konsepsiya va “yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida hamda samarali amalga oshirilishi, maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishilishi ekologiya, iqlim oʻzgarishi, oʻrmon xoʻjaligi va turizm sohasidagi vazirlik va idoralar faoliyatining 2025-yil va undan keyingi yillar uchun eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarida (KPI) inobatga olinadi;

(d) fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, mutaxassislar, xorijiy ekspertlar Konsepsiya va “yoʻl xaritasi”ni samarali amalga oshirishda keng jalb qilinadi.

III. Davlat organi masʼuliyatini oshirish

4. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi) aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilansin.

5. Ekologiya vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

(a) yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan har kimning qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisida ishonchli axborotga ega boʻlish huquqini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish choralarini koʻrish;

(b) ilgʻor xorijiy tajriba asosida ekologik taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish choralarini koʻrish, ushbu yoʻnalishdagi ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash;

(v) jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish boʻyicha targʻibotning innovatsion usullarini joriy etish, bunda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish;

(g) aholining ekologik madaniyatini shakllantirish va yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish choralarini koʻrish.

IV. Ekologik axborot oshkoraligini taʼminlash choralari

6. Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhit bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Orxus konvensiyasi, Orxus shahri, Daniya, 1998-yil 25-iyun) qoʻshilganligi munosabati bilan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-dekabrdan boshlab Ekologiya vazirligi atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimi maʼlumotlari bazalarining jamoatchilik uchun ochiqligini taʼminlaydi hamda ularda quyidagi maʼlumotlarni joylashtirib boradi:

(a) har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan daraxt va koʻchatlar haqida (manzili, parvarishlash uchun masʼul shaxslar, koʻchat turi va b.);

(b) davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar haqida (murojaatchilar, daraxtlar soni, turi va manzili) va daraxtni kesish boʻyicha oʻtkaziladigan jamoatchilik eshituvi haqida (sanasi, vaqti, manzili va natijalari);

(v) suv havzalarida noruda materiallarni qazib olish boʻyicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaxslar haqida;

(g) moʻljallanayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ehtimol tutilgan taʼsiri masalalarini aholi va jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan jamoatchilik eshituvlari natijalari haqida;

(d) strategik ekologik baholash obyektlari, jumladan, shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari, davlat dasturlarining, konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari yuzasidan jamoatchilik eshituvi natijalari haqida;

(e) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida oʻtkazilgan reydlar, tekshiruvlar, monitoringlar natijasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari va ularni bartaraf etish yuzasidan koʻrilgan choralar haqida;

(j) hududlarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun biriktirilgan sanitar-tozalash korxonalari (korxona nomi, rahbari va uning oʻrinbosari familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning telefon raqamlari, dispetcherlik xizmati va murojaatlarni qabul qilish xizmati maʼlumotlari, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish reja-grafiklari) haqida;

(z) chiqindilarni qabul qilish, saralash, qayta ishlash va yoqish orqali muqobil energiya ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi korxonalar haqida (korxona nomi, faoliyat turi, telefon raqamlari, ikkilamchi xomashyo, saralangan chiqindilarni qabul qilish maskanlari manzillari).

V. Ekologik madaniyatni shakllantirish va yuksaltirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar

7. Ekologiya vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2025-yildan boshlab har yili quyidagilarni amalga oshirib borsin:

(a) aholining turli qatlamlari, talabalar va oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt — yangi nafas” respublika ekochempionati;

(b) har oyda bir marotaba “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari.

8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Ekologiya vazirligi bilan birgalikda “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan barcha turdagi taʼlim muassasalarida ekologiya oʻquvining majburiyligi haqidagi talabni toʻlaqonli roʻyobga chiqarish maqsadida:

(a) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalar tanlovida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishni ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq etishga oid mavzularni har yili eʼlon qilib borsin;

(b) oliy taʼlim muassasalari talabalari tomonidan Oʻzbekiston ekovolontyor talabalari harakatini tashkil etsin.

9. Ekologiya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi va Yoshlar ishlari agentligining ekologiya yoʻnalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan, Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan vatandosh talabalar va olimlarni birlashtiruvchi “Ekolog olimlar hamjamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini taʼsis etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:

(a) Ekologiya vazirligi uch oy muddatda “Ekolog olimlar hamjamiyati” belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.

(b) Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga Ekologiya vazirligi buyurtmasi asosida “Ekolog olimlar hamjamiyati”ga zarur mablagʻlar ajratib borish tavsiya etilsin.

10. 2025-yil 1-avgustdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi davlat inspektorlari quyidagi holatlar aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini tekshiruvlar boshlangandan soʻng yigirma toʻrt soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olish orqali Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor etish tartibida amalga oshiradi:

(a) yuridik shaxslarning oʻz hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chogʻida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qoʻllagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa oʻsimliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yoʻq qilish;

(b) oʻlchami besh yuz kvadrat metr va undan ortiq boʻlgan qurilish maydonida, unga tutash boʻlgan hududda hamda undan chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yoʻl qoʻyish;

(v) yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash.

VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

11. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda parlamentning rolini oshirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga quyidagilar tavsiya etilsin:

(a) Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining taklifi bilan ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan Konsepsiya, “yoʻl xaritasi” va maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishish borasida chora-tadbirlarning amalga oshirilishi toʻgʻrisida davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish;

(b) xalqaro tajribani oʻrgangan holda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish.

12. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga Ekologiya vazirligining hududiy boʻlinmalari boshliqlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasi, shuningdek, hududlarda atrof-muhitning holati haqidagi hisobotlarini har yili eshitib borish tavsiya etilsin.

13. Ekologiya vazirligi:

(a) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda “yashil isteʼmol” madaniyatining kundalik qoidalarini bilishni, tabiiy resurslarni isrof qilmaslik kabi xalqimizning milliy udum va qadriyatlarini targʻib qiluvchi ijtimoiy axborot ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilar tomonidan eʼlon qilinishini (joylashtirilishini) tashkil etsin;

(b) mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan Konsepsiya va “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida hamda samarali bajarilishini, shuningdek, maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishilishini taʼminlash maqsadida:

(i) bir oy muddatda Oʻzbekiston ekologik partiyasi bilan kelishgan holda ekologiya, iqlim oʻzgarishi, oʻrmon xoʻjaligi va turizm sohasidagi vazirlik va idoralar faoliyatining 2025-yil uchun eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarida (KPI) Konsepsiya, “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar bajarilishi va maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishilishi inobatga olinishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

(ii) ekologiya, iqlim oʻzgarishi, oʻrmon xoʻjaligi va turizm sohasidagi vazirlik va idoralar faoliyatining 2030-yilga qadar boʻlgan davrdagi eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarida (KPI) Konsepsiya, “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar bajarilishi va maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishilishi inobatga olinishini taʼminlasin;

(v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Kinematografiya agentligi uch oy muddatda Ekologiya vazirligi bilan birgalikda fuqarolar, jumladan, yoshlar va bolalar uchun ekologik mavzularda va “yashil isteʼmol” madaniyatining kundalik qoidalarini bilishni, tabiiy resurslarni isrof qilmaslik kabi xalqimizning milliy udum va qadriyatlarini targʻib qiluvchi ijtimoiy axborot, multiplikatsion va animatsion filmlar yaratilishini tashkil etsin.

15. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:

(a) ekologik mavzularni tizimli va tahliliy yoritib borish hamda aholini ekologik qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashga doir telekoʻrsatuvlar va chiqishlar koʻlamining kengaytirilishini;

(b) Konsepsiya va “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish natijalarining ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda ularning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;

(v) Konsepsiya va “yoʻl xaritasi” doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning ijrosi va natijalari toʻgʻrisida xolis va toʻliq maʼlumotlar aholiga tezkorlik bilan yetkazilishini taʼminlasin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.

Ushbu qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 15-may,

PQ-184-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ-184-son qaroriga1-ILOVA

2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish

1-bob. Umumiy qoidalar

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda va har bir fuqaroning hayot faoliyatida ekologik taʼlim-tarbiya hamda madaniyatni uzluksiz yuksaltirib borish barqaror ekologik rivojlanishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda global rivojlanish va iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ekologik muammolarning oldini olish hamda bartaraf etishda fuqarolar ishtirokini taʼminlash, ekologik huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda barqaror rivojlanish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish maqsadlarida 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi qabul qilindi.

Shu munosabat bilan strategiyada belgilangan maqsadlarga erishishga moʻljallangan 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturi amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramay, fuqarolarda tabiatga hurmat hissini shakllantirish, aholining ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda fuqarolarning ekologik savodxonlik darajasini oshirish borasida bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan va ekologik madaniyatni yuksaltirish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan har kimning qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisida ishonchli axborotga ega boʻlish huquqi taʼminlanishi ustidan samarali jamoatchilik nazorati yoʻlga qoʻyilmagan.

Aholi oʻrtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish ishlari tizimli va uzviy tashkil etilmagan. Jamiyatda, oilada, mahallada, taʼlim muassasalarida, davlat organlarida ekologik madaniyatni yuksaltirishning uzluksiz mexanizmini takomillashtirishga ehtiyoj mavjud, ushbu yoʻnalishda kompleks yondashuvga tayanilmayapti, ekologiya oʻquvining majburiyligiga oid talablarning ijrosini yetarli darajada taʼminlash choralari koʻrilmayapti.

Jamiyatda ekologik targʻibot tadbirlarining manzilliligi, ularni tashkil etishda davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan, targʻibotning innovatsion usullaridan yetarlicha foydalanilmagan.

2-bob. 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasining asosiy maqsadi va vazifalari

1. 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasining (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) asosiy maqsadi oʻsib kelayotgan yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish hamda rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, aholining barcha qatlamlarida ekologik madaniyatni, shu jumladan, “yashil” isteʼmol madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat.

2. Quyidagilar aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:

(a) yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mustahkamlangan har kimning qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisida ishonchli axborotga ega boʻlish huquqini taʼminlovchi, aholining ekologik madaniyatini shakllantirish va yuksaltirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi huquqiy asoslarni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish;

(b) maktabgacha taʼlimdan boshlab aholi barcha qatlamlarining ekologik madaniyatini shakllantirish va yuksaltirish tizimini takomillashtirish, ushbu jarayonda ishtirok etuvchi taʼlim tashkilotlarining vazifalarini aniq belgilash;

(v) ekologik madaniyatni shakllantirish va yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, xususan, targʻibot usullarini kengaytirish, ushbu jarayonda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, targʻibot olib borishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining samarali hamkorligini mustahkamlash;

(g) ekologiya yoʻnalishida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish, sohada ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish;

(d) yuksak ekologik madaniyatga erishish, fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati taʼsirchanligini oshirish, uni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish.

3-bob. Konsepsiyaning asosiy yoʻnalishlari

1-§. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishning huquqiy va uslubiy bazasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish

3. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishning huquqiy va uslubiy bazasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) qonun hujjatlariga, shu jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga davlat organlarining ekologik madaniyatni shakllantirish va yuksaltirish sohasidagi vakolatlari, shuningdek, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;

(b) “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga Ekologiya vazirligining hududiy boʻlinmalari boshliqlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasi, shuningdek, hududlarda atrof-muhitning holati haqidagi hisobotlarini har yili eshitish vakolatini nazarda tutish;

(v) Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish uchun jazo chorasini kuchaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritish;

(g) qonun hujjatlariga barcha davlat taʼlim tashkilotlari va muassasalari (maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktablar, oliy taʼlim muassasalari va b.) hududida joylashgan va ular balansidagi bogʻlar hamda yer maydonlari xususiylashtirilishi taqiqlanishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish;

(d) davlat ekologik nazorat inspeksiyasi faoliyati samaradorligini oshirish, uning xodimlariga belgilangan tartibda va muddatlarda maxsus unvonlar uchun toʻlovlar belgilash tizimini joriy etish;

(e) aholining ekologik madaniyatini shakllantirish va yuksaltirishga qaratilgan ekologik targʻibot tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazish;

(j) aholi orasida chiqindilarni saralash, jamoat joylarini chiqindidan xoli hududga aylantirishni keng targʻib qilishga qaratilgan aksiyalar tashkil etish va muntazam ravishda oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(z) atrof-muhitga zarar yetkazuvchi turli ashyolar va jismlar, ularning xususiyatlari hamda ulardan foydalanish, shuningdek, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish tartibiga bagʻishlab aholining turli qatlamlari uchun moʻljallangan uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash;

(i) atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishi, oʻrmonchilik, gidrometeorologiya, sirkulyar iqtisodiyot va ekologiya bilan bogʻliq boshqa mutaxassisliklar boʻyicha tor doiradagi kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;

(k) kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda jahondagi ilgʻor taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish;

(l) ekologiya yoʻnalishi boʻyicha professor-oʻqituvchi va doktorantlarni xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovkaga yuborish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(m) aholini atrof-muhit holati yuzasidan ishonchli axborot bilan taʼminlash.

2-§. Ekologik taʼlimni rivojlantirish, ekologik madaniyatni shakllantirish va yuksaltirishda oilaning hamda taʼlim tashkilotlarining rolini yanada oshirish

1. Oilada ekologik tarbiyani shakllantirish va ekologik madaniyatni yuksaltirish

4. Oilada ekologik tarbiyani shakllantirish va ekologik madaniyatni yuksaltirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) bolalarda atrof-muhitni asrab-avaylashni, unga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish koʻnikmalarini shakllantirish, atrof-muhitni muhofaza qilishni targʻib qiluvchi, tabiatga boʻlgan ijobiy-hissiy munosabatlarni rivojlantiruvchi oʻyin, mashgʻulot, videoqoʻllanma va boshqa koʻrgazmali materiallar tayyorlash;

(b) “Aqlvoy”, “Bolajon” va boshqa telekanallarda bolalarni atrof-muhitga, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalashga qaratilgan maʼnaviy dasturlar tashkil etish hamda namoyish etish;

(v) bolalar uchun ekologik mavzularda va “yashil isteʼmol” madaniyatining oddiy va kundalik qoidalarini oʻrgatish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, tabiiy resurslarni isrof qilmaslik kabi xalqimizning milliy udum va qadriyatlarini targʻib qiluvchi multiplikatsion filmlar yaratish;

(g) oilalarda suvdan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, toza likopcha, maishiy chiqindilarni saralash madaniyatini shakllantirish boʻyicha muntazam ravishda targʻibot tadbirlari, ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish;

(d) mahallalarda milliy qadriyatimizning ajralmas qismiga aylangan va atrof-muhit tozaligini saqlashni targʻib qiluvchi ekohasharlarni muntazam tashkil etish va oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

2. Maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tizimi tashkilotlarida ekologik taʼlim va tarbiyani shakllantirish hamda yuksaltirish

5. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ekologik taʼlim-tarbiyani shakllantirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

a) rivojlangan xorijiy davlatlarning taʼlim dasturlarini tahlil qilish asosida maktabgacha taʼlimning davlat oʻquv dasturiga quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish:

(i) tarbiyalanuvchilar uchun ekologik madaniyat asoslarini shakllantirishga qaratilgan ona tabiatni asrab-avaylash, unga nisbatan mehr-muhabbat tuygʻularini kuchaytirish mavzularida tomoshalar va sahna koʻrinishlarini tashkil etish;

(ii) atrof-muhitni asrab-avaylashga bagʻishlangan ekologik burchaklar tashkil etish va ularga qoʻyilgan talablarni belgilash;

(iii) atrof tabiiy muhit (yer, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi) bilan ochiq havoda tanishtiruv soatlari, rasmlar chizdirish, chiqindilarni saralash va ekologiya bilan bogʻliq oʻyinlar sonini koʻpaytirish;

(iv) har bir maktabgacha taʼlim tashkilotida ekologik burchaklar, ekologik yoʻlakchalar tashkil etish hamda ularni zarur materiallar bilan taʼminlash choralarini koʻrish;

(b) maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida tabiat va atrof-muhitni asrab-avaylashga bagʻishlangan “Tabiat bolalar nigohida” nomli rasmlar tanlovini tashkil etish;

(v) maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida “yashil” transport turidan foydalanishni targʻib qilish boʻyicha barqaror koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida har yili bolalar velomarafoni oʻtkazish;

(g) maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun atrof-muhitni asrab-avaylash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga qaratilgan multfilmlar tayyorlash;

(d) har bir maktabda ekologik burchak, ekologik bogʻlar tashkil etish, ularga nisbatan qoʻyiladigan talablarni belgilash;

(e) umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida ekologik targʻibotni amalga oshirishning zamonaviy shakllarini joriy etish;

(j) umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tizimi oʻquvchilariga moʻljallangan ekologik mavzularda va “yashil isteʼmol” madaniyatining kundalik qoidalarini bilishni, tabiiy resurslarni isrof qilmaslik kabi xalqimizning milliy udum va qadriyatlarini targʻib qiluvchi ijtimoiy axborot, multiplikatsion va animatsion filmlar yaratish.

3. Kasbiy taʼlim tizimi tashkilotlarida ekologik madaniyatni yuksaltirish

6. Kasbiy taʼlim tizimi tashkilotlarida ekologik madaniyatni yuksaltirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) kasbiy taʼlim yoʻnalishlariga mos ravishda ekologik taʼlim mavzularini tegishli fanlar tarkibiga kiritish;

(b) kasbiy taʼlim tashkilotlarida atrof-muhitni muhofaza qilishning kundalik qoidalariga rioya etish va oʻquvchilar oʻrtasida ijtimoiy masʼuliyatni oshirishga qaratilgan targʻibot materiallarini ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritish;

(v) har bir kasbiy taʼlim tashkilotida ekologiya xonasini tashkil etish va unga nisbatan talablarni belgilash;

(g) ekologik madaniyatni yuksaltirish boʻyicha tarqatma materiallar tayyorlash hamda kasbiy taʼlim tashkilotlarini taʼminlash choralarini koʻrish;

(d) kasbiy taʼlim tashkilotlarining koʻngilli oʻquvchilari ishtirokida “Yashil qahramon” loyihasini amalga oshirish.

4. Oliy taʼlim tizimi tashkilotlarida ekologik madaniyatni yuksaltirish

7. Oliy taʼlim tizimi tashkilotlarida ekologik madaniyatni yuksaltirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) ixtiyoriylik asosida barcha oliy taʼlim muassasalari talabalarini birlashtiruvchi Oʻzbekiston ekovolontyor talabalari harakatini tashkil etish va uning doimiy faoliyat yuritishini yoʻlga qoʻyish;

(b) bakalavr va magistratura bosqichlarining ekologiya yoʻnalishlaridagi oʻquv adabiyotlarni qayta koʻrib chiqish hamda ularni atrof-muhitni asrab-avaylashga bagʻishlangan mavzular bilan boyitish choralarini koʻrish;

(v) har yili oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Ekologiya bilimdoni”, “Ekologik madaniyat targʻibotchisi”, “Eng faol ekovolontyor” va “Yilning eng yaxshi ekologiya himoyachisi” kabi turli nominatsiyalar boʻyicha tanlovlar tashkil etish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(g) 5-iyun — Butunjahon atrof-muhit kuni munosabati bilan har yili talabalar oʻrtasida mamlakatimizdagi dolzarb ekologik masalalar muhokamasiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy forum oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyish;

(d) talabalarni dolzarb ekologik madaniyat va ekologiya muammolariga bagʻishlangan magistrlik dissertatsiyalari tayyorlashga, ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazishga keng jalb qilish;

(e) oliy taʼlim muassasalarining davriy, ilmiy nashrlarida, shuningdek, gazeta va jurnallarda ekologik muammolarga bagʻishlangan alohida ruknlar ochish, unda professor-oʻqituvchilar va talabalarning maqolalarini muntazam chop etish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(j) har bir oliy taʼlim muassasasining veb-saytida talabalar ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan “Ekofaol talabalar” degan alohida boʻlim tashkil etish va unda tegishli taʼlim muassasasining talabalari tomonidan ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni asrab-avaylash va muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy joylashtirib borish;

(z) Ekologiya vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi muassisligida ekologiya yoʻnalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan Oʻzbekiston va xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan vatandosh talabalar hamda olimlarni birlashtiruvchi “Ekolog olimlar hamjamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish va uning faoliyat yuritishini taʼminlash;

(i) oliy taʼlim muassasalarida ekoklublar tashkil qilish;

(k) yoshlarning ekologiya yoʻnalishidagi innovatsion loyihalarini ragʻbatlantirish maqsadida startap loyihalar tanlovini eʼlon qilish;

(l) ekologik madaniyat sohasida xorijiy tillarni mukammal biladigan kadrlar tayyorlash maqsadida yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish;

(7-bandning “m” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF-232-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2025-y., 06/25/232/1102-son)

(n) davlat oliy taʼlim muassasalarida andragogika usulida barcha qiziquvchilar uchun begʻaraz, ochiq maʼruzalar oʻtkazish va ularni Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirish.

5. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda ekologik madaniyatni yuksaltirish sohasidagi tadqiqotlar

8. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda ekologiya sohasidagi tadqiqotlar yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) aholi oʻrtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik tashviqotning ommaviyligi va taʼsirchanligini oshirishga qaratilgan innovatsion usullarda olib boriladigan tadqiqot ishlari koʻlamini kengaytirish;

(b) ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, shu jumladan, huquqiy muhofaza muammolariga doir dissertatsiyalarning mavzularini koʻpaytirish va ushbu yoʻnalishda ilmiy ishlarni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

(v) ekologiya sohasidagi tadqiqotlar boʻyicha qabul kvotalarini 30 foizga oshirish;

(g) Ekologiya vazirligi tizimidagi ilmiy tashkilotlarda ekologiya sohasidagi ilmiy darajali xodimlar umumiy sonini 70 foizga yetkazish;

(d) hududlarda ekologiya sohasidagi dolzarb muammolarni hal etishda, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda xorijiy ekspertlar va olimlar bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

(e) ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish tavsiya etiladigan va hududlardagi dolzarb ekologik muammolarni oʻz ichiga olgan ekologik ilmiy tadqiqotlar bazasini shakllantirish hamda ular asosida ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish;

(j) ekologik madaniyat va ekologiya muammolari sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi xotin-qizlar uchun hududlar kesimida doktorantura uchun qoʻshimcha kvotalar ajratish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(z) ekologiya sohasidagi nazariy-metodologik dasturni ekologik taʼlimdan kelib chiqib takomillashtirish, tadqiqotchilar tomonidan ixtisoslashtirilgan ilmiy va taʼlim muassasalarida ekologiya sohasida ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik ishlarni amalga oshirish.

3-§. Ekologik madaniyatni yuksaltirishda davlat organlari, shu jumladan, mahalliy vakillik va ijro organlari faoliyatini takomillashtirish

1. Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik madaniyatini yuksaltirish

9. Davlat organlari, korxona va muassasalar xodimlarining ekologik madaniyatini yuksaltirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik madaniyat sohasida bilimlarini oshirishga qaratilgan bepul oʻquv kurslarini tashkil etish;

(b) barcha davlat organlari va tashkilotlarida energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda ularni tejash orqali tabiiy resurslarni asrab-avaylashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

(v) davlat organlari va tashkilotlari xodimlaridan iborat ekologik targʻibot guruhlarini tashkil etish va ekologik targʻibot oʻtkazish boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqish;

(g) davlat organlarida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi ekologik targʻibot guruhlarini tashkil etish va ular tomonidan tizimli ravishda xodimlar oʻrtasida targʻibot ishlarini olib borish;

(d) davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rasmiy veb-saytlarida “Ekofaol xodim” nomli alohida boʻlim ochish, unda ekologik madaniyatni yuksaltirish, shu jumladan, targʻibot tadbirlari, ushbu yoʻnalishdagi namunali xodimlar haqida maʼlumotlar joylashtirish va ularni muntazam yangilab borishni yoʻlga qoʻyish;

(e) respublikaning barcha hududlarida davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar binolarida velosipedlar uchun maxsus toʻxtash joylarini tashkil etish.

2. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda mahalliy vakillik va ijro organlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rolini kuchaytirish

10. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda mahalliy vakillik va ijro organlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rolini kuchaytirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan har kimning qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqini toʻlaqonli roʻyobga chiqarilishi ustidan nazoratini yanada kuchaytirish;

(b) xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida Ekologiya vazirligining hududiy boʻlinmalari boshliqlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasi, shuningdek, hududlarda atrof-muhitning holati haqidagi hisobotlarini har yili eshitish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(v) har oyda bir marotaba “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(g) mahallalarda ekologik madaniyatni yuksaltirish yuzasidan manzilli targʻibotni amalga oshirish, aholiga ekologik qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini yetkazish boʻyicha choralar koʻrish;

(d) har yili aholining turli qatlamlari, talabalar va oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt — yangi nafas” respublika ekochempionatini tashkil etish;

(e) aholida ekologiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablarining har qanday buzilishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot ishlarini olib borish, ularning qonunchilik hujjatlaridagi javobgarlik choralari yuzasidan xabardorligini oshirish;

(j) ekologik huquqbuzarlik va jinoyatlar haqida xabar berish ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, sohani toʻliq raqamlashtirish, huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;

(z) Ekologiya vazirligi tomonidan mahallalarda aholi bilan ekologik huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ochiq muloqotlarni doimiy oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(i) mahallalarda ekovolontyor guruhlarini tashkil etish va ularga yoshlarni jalb qilgan holda aksiyalar, fleshmoblar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;

(k) aholining isteʼmol madaniyatini oshirish maqsadida mahallalarda suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz va boshqa tabiiy resurslarni tejovchi texnologiyalar va asbob-uskunalar koʻrgazmalarini tashkil etib borish;

(l) transport vositasidan foydalangan holda sodir etilgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq qonun buzilishi holatlarini tezkorlik bilan aniqlashda raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

4-§. Ekologik madaniyatni yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalarining rolini yanada oshirish

11. Ekologik madaniyatni yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalarining rolini yanada oshirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhit bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Orxus konvensiyasi, Orxus shahri, Daniya, 1998-yil 25-iyun) qoʻshilgani munosabati bilan atrof-muhit holatiga oid maʼlumotlarni jamoatchilik uchun bosqichma-bosqich eʼlon qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(b) fuqarolik jamiyati institutlarini ekologik madaniyatni yuksaltirish targʻibotlariga ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish;

(v) fuqarolik jamiyati institutlari uchun ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar ajratish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(g) ekologik mavzularni tizimli va tahliliy yoritib borish hamda aholini ekologik qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashga doir telekoʻrsatuvlar sonini ikki barobarga oshirish;

(d) ekologik dasturlarni, shu jumladan, tarmoq, hududiy dasturlarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini jalb etish amaliyotini kengaytirish;

(e) “yashil isteʼmol” madaniyatining kundalik qoidalarini bilishni, tabiiy resurslarni isrof qilmaslik kabi xalqimizning milliy udum va qadriyatlarini targʻib qiluvchi ijtimoiy axborotni ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilar tomonidan eʼlon qilinishini (joylashtirilishini) yoʻlga qoʻyish;

(j) ekologiya sohasidagi davriy nashrlarning elektron nusxalari butunjahon Internet tarmogʻiga joylashtirib borilishini yoʻlga qoʻyish;

(z) aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Ekologik axborot” radioloyihasini tashkil etish;

(i) internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholining ekologik madaniyatini oshirish maqsadida “Tabiatni birgalikda asraymiz!” shiori ostida ekologiya mavzusidagi rolik, intervyularni namoyish etish boʻyicha ijtimoiy loyihalar amalga oshirilishini yoʻlga qoʻyish;

(k) ekologiya muammolari boʻyicha mustaqil ekspertlar, mutaxassislar va jamoatchilik vakillari munosabatini aks ettiruvchi koʻrsatuvlar hamda radio eshittirishlarni muntazam tashkil etish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(l) ekologiya sohasida qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan dolzarb masalalar yuzasidan seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etib borish.

4-bob. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmlari

12. Konsepsiya oʻz vaqtida va toʻlaqonli ijro qilinishini taʼminlash maqsadida har ikki yil muddatga “yoʻl xaritasi” tasdiqlanadi.

13. Oliy Majlis palatalari vakolatlari doirasida Konsepsiyada nazarda tutilgan yoʻnalishlarga doir qonunlarni ishlab chiqadi, koʻrib chiqadi va qabul qiladi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Konsepsiyada belgilangan asosiy yoʻnalishlar boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritalari”ning ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va oʻz vaqtida ijro etilishini, shuningdek, ularning ijrosi haqidagi axborot har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etilishini taʼminlaydi.

15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahri, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari ushbu Konsepsiya bajarilishini taʼminlaydilar, har olti oyda mazkur Konsepsiyaning bajarilishi holati toʻgʻrisida tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlar Kengashlariga hisobot taqdim etadilar.

16. Konsepsiyani amalga oshirishda keng jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlar, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qilinadi.

17. Fuqarolar Konsepsiyani hayotga toʻliq tatbiq etish yoʻlida bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etib, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar.

5-bob. Konsepsiyani qabul qilishdan kutilayotgan natijalar

18. Konsepsiyani amalga oshirish natijasida quyidagilar kutilmoqda:

(a) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish har bir shaxsning vazifasi boʻlishiga erishish;

(b) tabiat va shaxs munosabatlarida aholining atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish hissini shakllantirish;

(v) aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga tabiatga muhabbat ruhini, qonunlarga rioya etish tushunchalarini singdirib borish;

(g) ekologik madaniyatni yuksaltirishda targʻibotning innovatsion usullaridan foydalanish, bu borada ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;

(d) mansabdor shaxslar va fuqarolarda ekologiya hamda atrof-muhitga boʻlgan hurmat hissini kuchaytirish, ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasining samaradorligini taʼminlash.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ-184-son qaroriga2-ILOVA

2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PQ-110-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2026-y., 07/26/110/0287-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ-184-son qaroriga3-ILOVA

2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini qabul qilishdan kutilayotgan maqsadli koʻrsatkichlar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.