Aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport tizimini zamon talablari asosida isloh etish hamda ularning qamrov darajasi va sifatini oshirishni kompleks tarzda tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:
(a) yangi maktablar qurish, mavjud taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy anjomlar bilan jihozlash hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
(b) sogʻliqni saqlash va sport tizimi muassasalarini zarur bino va inshootlar hamda infratuzilma bilan taʼminlash, mavjud binolarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish.
II. Amalga oshiriladigan ishlar
2. Ijtimoiy soha obyektlarini qurish va taʼmirlashni moliyalashtirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Ijtimoiy soha muassasalarini qurish va taʼmirlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
3. Jamgʻarmaning shakllanish manbalari etib quyidagilar etib belgilansin:
(a) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalarining (vaqtincha boʻsh mablagʻlarning depozitlarga joylashtirilgan qismini inobatga olgan holda) 2026-yil 1-yanvar holatidagi qoldiq mablagʻlarining 50 foizi;
(b) 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasidan oʻtkaziladigan 2 (ikki) trillion soʻm mablagʻlar;
(v) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:
(a) umumtaʼlim maktablari, tibbiyot va sport muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
(b) taʼlim, tibbiyot va sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy jihozlar, oʻquv va tibbiy anjomlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash;
(v) boshqa ijtimoiy yoʻnalishlardagi qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish.
5. Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 1-martga qadar vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalarida 2025-yil yakuni bilan shakllangan qoldiq mablagʻlarning 50 foiz qismidan Jamgʻarmaga oʻtkazilgan mablagʻlar hisobidan umumtaʼlim maktablari, tibbiyot va sport muassasalarida qoʻshimcha quvvat yaratish ishlari uchun qurilish, taʼmirlash va jihozlash ishlari boʻyicha manzilli roʻyxatni tasdiqlashga oid tegishli qaror loyihasini qabul qilsin. Bunda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga qoʻshimcha ravishda kiritiladi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
6. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (E. Karimova), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) va Sport vazirligi (A. Ikramov) Jamgʻarma mablagʻlaridan umumtaʼlim maktablari, sport va tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va samarali foydalanishni taʼminlasin.
7. Ilovada nazarda tutilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari 2026-yil 10-yanvarga qadar oʻzlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari (vaqtincha boʻsh mablagʻlarning depozitlarga joylashtirilgan qismini inobatga olgan holda) 2026-yil 1-yanvar holatidagi qoldiq mablagʻlarining 50 foizi Jamgʻarmaga oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi (M. Abdullayev) Jamgʻarma mablagʻlari toʻgʻri shakllantirilganligi hamda ulardan samarali va toʻgʻri foydalanilganligini nazorat qilib borsin.
9. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosi samarali tashkil etilishiga hamda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishiga shaxsan masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova, sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov hamda sport vaziri A.I. Ikramov belgilansin.
10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti. Prezident Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-dekabr,
PQ-398-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PQ-398-son qarorigaILOVA
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari
T/rDavlat organlari va tashkilotlarining nomlanishi1.Iqtisodiyot va moliya vazirligi2.Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi*3.Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi4.Qishloq xoʻjaligi vazirligi5.Suv xoʻjaligi vazirligi6.Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi7.Transport vazirligi8.Energetika vazirligi9.Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi10.Raqamli texnologiyalar vazirligi 11.Sogʻliqni saqlash vazirligi12.Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi13.Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi14.Sport vazirligi15.Madaniyat vazirligi16.Adliya vazirligi17.Tashqi ishlar vazirligi18.Soliq qoʻmitasi19.Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi20.Davlat aktivlarini boshqarish agentligi21.Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi22.Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi23.Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi24.Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi25.Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi26.Kinematografiya agentligi27.Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi28.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi29.Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi30.Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asllik darajasi nazorati inspeksiyasi31.Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi32.Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi33.Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidagi “Avtoyoʻlinvest” agentligi34.Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi35.Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi36.Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi37.Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi38.Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazi39.Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi40.Turizm qoʻmitasi41.Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi42.Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi43.Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi44.Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi**45.Pedagogik mahorat va xalqaro ilmiy-amaliy markazi*46.Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi47.Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti**48.Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi49.Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi50.Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi51.Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi52.Atom energiyasi agentligi**53.Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi54.Bojxona qoʻmitasi55.Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi
Izoh:
* Yil boshiga qoldiq mablagʻlarning 10 foizi oʻtkaziladi;
** Yil boshiga qoldiq mablagʻlarning 20 foizi oʻtkaziladi.