Ozodlikdan mahrum etish joylarida davolash-profilaktika yordami va sanitariya ishi hamda epidemiyaga qarshi ishlar qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Mahkumlarga tibbiy-sanitariya xizmati koʻrsatish uchun statsionarlari bor tibbiy boʻlimlar, sil kasalligiga chalingan bemorlarni davolash va saqlab turish uchun davolash muassasasi huquqiga ega boʻlgan koloniyalar, malakali tibbiy yordam koʻrsatish uchun mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan kasalxonalar tashkil etiladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilish chogʻida, jazoni oʻtash paytida vaqti-vaqti bilan, biroq olti oyda kamida bir marta, shuningdek murojaatlarga koʻra tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish maxfiylik shartlari asosida amalga oshiriladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilingan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida u bilan suhbat oʻtkaziladi, mahkum jazoni ijro etish muassasasining karantin xonalarida tibbiy koʻrikdan va sanitariya-gigiyena tadbirlaridan oʻtadi.
Jazoni ijro etish muassasasining maʼmuriyati ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilinayotganda ham, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj boʻlganda ham tibbiyot xodimlari ushbu shaxslarning yoniga zudlik bilan kirishini taʼminlashi kerak.
Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlganda ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtiriladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan shaxslar davolash muassasasi huquqiga ega boʻlgan koloniyalarga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonalarga yuboriladi, shuningdek ular Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirilishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs ogʻir kasallikka chalingan taqdirda, jazoni ijro etish muassasasining maʼmuriyati mahkumning roziligi bilan uning yaqin qarindoshlariga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning oʻzi koʻrsatgan boshqa shaxslarga bu haqda darhol xabar beradi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs ogʻir kasallikka chalingan taqdirda, qoʻshimcha masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali soʻzlashuvga, shuningdek shifokorning ruxsati bilan qoʻshimcha uchrashuvga ruxsat beriladi.
Mahkumlarga tibbiy yordam koʻrsatish, ularga dori-darmon vositalari berish, sanitariya nazoratini tashkil etish va olib borish, davolash-profilaktika muassasalaridan foydalanish, sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy xodimlarini jalb etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning tibbiy-sanitariya taʼminoti respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Mahkumlar shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga, sanitariya talablariga rioya etishlari shart.