Qaysi idoraga boʻysunishidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, savdo va xizmat koʻrsatish sohasi korxonalarida tekshirishni tartibga solish, xodimlarni asosiy faoliyatdan nooʻrin chalgʻitish hollariga barham berish, bu ishda takrorlash va parallelizmga yoʻl qoʻymaslik maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, qaysi idoraga boʻysunishidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, savdo va xizmat koʻrsatish sohasi korxonalarining faoliyatini faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh davlat soliq boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya va taftish organlari ishtirokida amaldagi qonunlarga muvofiq tekshiradilar.
Bosh davlat soliq boshqarmasiga bir hafta muddat ichida savdo va xizmat koʻrsatish sohasi korxonalari faoliyatini har jihatdan tekshirishni muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqish topshirilsin.
2. Takrorlash va parallelizmga barham berish maqsadida, qaysi idoraga boʻysunishidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, savdo va xizmat koʻrsatish sohasi korxonalarida mahalliy boshqaruv organlari, davlat nazorati, ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatsiya organlari oʻzlarining respublika tashkilotlari tomonidan tekshirish uchun aniq topshiriq koʻrsatib berilgan tegishli ruxsatnomalarsiz tekshirishlarni oʻtkazishi taqiqlansin.
3. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar va respublika birlashmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu Farmon talablari joylarda qatʼiy bajarilishini taʼminlasinlar.
4. Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida amaldagi normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 10-dekabr,
PF-696-son