PF-2707-son Farmon · 28.08.2000

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi eʼlon qilinganligining toʻqqiz yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-2707
  • Qabul qilingan sana:28.08.2000
  • Kuchga kirgan sana:29.08.2000
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 7-8

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi eʼlon qilinganligining toʻqqiz yilligi munosabati bilan, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 20-bandiga asosan qaror qilaman:

1. Ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan quyidagi mahkumlar ozod qilinsin:

a) ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etgan shaxslar;

b) ayollar;

v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;

g) voyaga yetmagan yoshida jinoyat sodir etgan shaxslar;

d) birinchi va ikkinchi guruh nogironlari;

e) chet el fuqarolari.

2. Uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga, shuningdek ehtiyotsizlik orqasida sodir etgan jinoyati uchun hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

3. Birinchi marotaba olti yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va belgilangan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

4. Ushbu Farmon chiqarilgan kunga qadar, belgilangan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazodan oʻtash uchun bir yildan kam muddat qolgan mahkumlar ozod qilinsin.

5. Birinchi marotaba oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va belgilangan jazo muddatining kamida yarmini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

6. Ushbu Farmon chiqarilgan kunga qadar, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash joylaridan qonunga muvofiq jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni qoʻllash mumkin boʻlgan mahkumlar ozod qilinsin.

7. Oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va belgilangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini oʻtagan mahkumlar manzil-koloniyalarga oʻtkazilsin.

8. Ushbu Farmonning birinchi moddasida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari va sudda koʻrilmagan ishlar harakatdan tugatilsin.

9. Mazkur Farmonga asosan jazodan ozod qilinmaydigan shaxslarning jazo muddatining oʻtalmagan qismi quyidagicha qisqartirilsin:

a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — uchdan bir qismga.

b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — toʻrtdan bir qismga.

10. Ushbu Farmon quyidagilarga qoʻllanilmasin:

Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga;

terroristik, ekstremistik va boshqa noqonuniy tashkilotlar, jinoiy uyushmalarning aʼzolariga;

milliy, irqiy adovat qoʻzgʻatish va jamoat xavfsizligiga qarshi boshqa qilmishlar sodir etganligi uchun sudlanganlarga (Jinoyat kodeksining 150—163, 216, 216-1, 216-2, 242, 244, 244-1, 244-2-moddalari);

jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzgan mahkumlarga, shuningdek ilgari amnistiya yoki afv etish tartibida jazoni oʻtashdan ozod etilgandan soʻng qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga.

Bundan tashqari:

ushbu Farmonning 1-moddasi “b” bandi — javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (Jinoyat kodeksi 97-moddasining 2-qismi), yoxud bosqinchilik (Jinoyat kodeksi 164-moddasining 4-qismi) jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan;

mazkur Farmonning 1-moddasi “a, v, g, d, e” bandlari, 2—9-moddalari — qurollar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga aloqador shaxslarga nisbatan (Jinoyat kodeksi 247-moddasining 2, 3-qismlari, 248-moddasining 2, 3-qismlari);

ushbu Farmonning 1-moddasi “a, v, g, d, e” bandlari, 2, 3, 5 va 8-moddalari — uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida jinoyat sodir etgan shaxslarga (Jinoyat kodeksi 167-moddasining 4-qismi “a, v” bandlari bilan sudlanganlar bundan mustasno), oʻta ogʻir jinoyatlar uchun sudlanganlarga, shuningdek giyovandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga aloqador shaxslarga (Jinoyat kodeksi 270-moddasining 3-qismida, 271-moddasining 3-qismida, 272, 273-moddalari) va oʻta xavfli retsidivistlarga nisbatan tadbiq etilmasin.

11. Farmon matbuotda eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi va toʻrt oy mobaynida ijro etilishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2000-yil 28-avgust,

PF-2707-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.