PQ-3218-son Qaror · 16.08.2017

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filialini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3218
  • Qabul qilingan sana:16.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:18.08.2017
  • Rasmiy nashr:«Народное слово» 163 (6827)

Milliy sanʼatimiz va madaniyatimizning qadimiy markazlaridan biri boʻlgan, koʻplab atoqli sanʼat va madaniyat namoyandalari yetishib chiqqan Fargʻona vodiysining bu boradagi alohida oʻrni va nufuzini, ijodiy salohiyatini hisobga olgan holda, isteʼdodli yoshlarni oʻzbek va jahon sanʼatining yuksak namunalari ruhida tarbiyalash, ularning ijodiy qobiliyat va intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda roʻyobga chiqarish, Fargʻona vodiysi viloyatlari uchun teatr, xalq ijodiyoti sohasi boʻyicha aktyorlar, madaniyatshunoslik va sanʼatshunoslik yoʻnalishida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filialini (keyingi oʻrinlarda — Filial) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:

madaniyat va sanʼat sohasida fundamental bilim va tushunchalar, tarixiy va zamonaviy anʼanalar, innovatsiya texnologiyalarini, davlat standarti boʻyicha belgilangan bilim va malakalarni puxta egallagan oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash;

tayyorlanayotgan mutaxassis kadrlarga mehnat bozoridagi real talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, yuqori sifatli bilim va malaka berish;

bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha buyurtmalarni shakllantirish;

professor-oʻqituvchilar tarkibining oʻz kasb sohasidagi bilim va tajribasi, ilmiy-ijodiy salohiyati va pedagogik mahoratini doimiy ravishda oshirish;

taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va sanʼat sohasida ilm-fan boʻyicha erishilgan ilgʻor yutuqlarni tatbiq etish.

3. Quyidagilar:

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filialini tashkil etish, uning moddiy-texnik bazasini barpo etish, oʻquv va ilmiy-pedagogik salohiyatini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziriga, zarur hollarda, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filiali tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki, Filialga:

2017/2018 oʻquv yili uchun “5150300 — aktyorlik sanʼati (turlari boʻyicha)” taʼlim yoʻnalishiga bakalavrlar tayyorlash boʻyicha jami 25 ta — shundan 10 tasi davlat grantlari, 15 tasi toʻlov-kontrakt asosida — qabul kvotasi ajratiladi;

2017/2018 oʻquv yili uchun qabul jarayoni Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida amalga oshiriladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bir oy muddatda:

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filialining ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;

Filialda oʻquv-metodik jarayonlarning tashkil etilishini taʼminlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni oʻquv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

6. Fargʻona viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining Qoʻqon shahri, Movarounnahr koʻchasi, 3a-uyda joylashgan Qoʻqon turizm va servis kasb-hunar kollejining uch qavatli asosiy binosining bir qismini Filialga bepul foydalanish huquqi bilan berish hamda Filial faoliyatini mazkur binoda tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Qoʻqon turizm va servis kasb-hunar kollejining Qoʻqon shahri, Movarounnahr koʻchasi, 3a-uyda joylashgan binosining bir qismi Filialga berilishi munosabati bilan mazkur kollej faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 oʻquv yili va keyingi yillar uchun Filialga oʻqishga qabul qilishning 50 nafardan kam boʻlmagan kvotasini istiqbolda Fargʻona vodiysi hududlarini rivojlantirish bilan bogʻliq dasturlarni, har qaysi tarmoqda mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olib, yillar boʻyicha aniq yoʻnalishlarni belgilab, kasb va taʼlim yoʻnalishlarini (mutaxassisliklarni) koʻrsatgan holda ishlab chiqishni nazarda tutsin;

2017/2018 oʻquv yili boshlanishiga qadar Filialning taʼlim yoʻnalishlarini davlat taʼlim standartlari hamda tegishli malaka talablariga muvofiq ishlab chiqilgan oʻquv rejalari, fan dasturlari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlasin.

9. Belgilab qoʻyilsinki, Filial faoliyatini yuritish bilan bogʻliq xarajatlar 2017-yilda taʼlim sohasi boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

10. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;

xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlar va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan keladigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Filialga xizmat koʻrsatadigan 1 ta yengil avtomobil uchun limit ajratsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 4-iyundagi PQ-1771-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining tashkiliy tuzilmasi rus tilidagi matnidagi “Nukusskiy filial” blokidan keyin “Ferganskiy regionalniy filial” bloki bilan toʻldirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X. Sultonov, A. Yunusxodjayev hamda Fargʻona viloyati hokimi Sh. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 16-avgust,

PQ-3218-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3218-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filialini tashkil etish, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish, oʻquv va ilmiy-pedagogik taʼminlash chora-tadbirlari

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi PF-6186-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.03.2021-y., 06/21/6186/0200-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.