Mamlakatimiz turizm industriyasi jadal rivojlanishi uchun qisqa muddatda eng qulay shart-sharoit, iqtisodiy, maʼmuriy va huquqiy muhit yaratish, jumladan, sohada xususiy sektorning ustuvor ishtirokini taʼminlash, uning raqobatbardoshligi va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, hududlarning iqtisodiy salohiyati va daromadlari bazasini kengaytirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, milliy turizm mahsulotlarini jahon bozorida faol va kompleks ilgari surish maqsadida:
1. 2018-2019-yillarda turizmni rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Mazkur qarorda koʻzda tutilgan va Birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturiga kiritilgan tadbirlarni amalga oshirishni moliyalashtirishning manbalari etib tadbirkorlik subyektlari — loyiha tashabbuskorlari, vazirlik va idoralar — ijrochilarning oʻz mablagʻlari, jalb etilayotgan tijorat banklarining kreditlari, chet el investitsiyalari, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning zayom va grantlari, xayriya mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vazirlik va idoralar — masʼul ijrochilar bilan birgalikda koʻzda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlasin, har chorakda Birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturining ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligiga axborot taqdim etsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining (Abduhakimov) 2018-2019-yillarda chet davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha xalqaro shartnomalar ishlab chiqish va ularni imzolashga tayyorlashni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (Komilov) Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga (Abduhakimov) xorijiy hamkorlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha xalqaro shartnomalarni tayyorlash va ularni imzolashni tashkil etishda amaliy koʻmak bersin.
6. Xorijlik turistlar, jumladan, ziyorat qilish maqsadida kelayotgan turistlar uchun viza va roʻyxatdan oʻtish tartibotlarini bosqichma-bosqich soddalashtirishga doir takliflar tayyorlash boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Ishchi guruh:
bir oy muddatda chuqur oʻrganish asosida fuqarolariga 2018-yilning 1-yanvaridan viza tartibini soddalashtirish taklif etilayotgan mamlakatlar hamda fuqarolariga maxsus ziyorat turizmi dasturlari taklif etiladigan davlatlar roʻyxati boʻyicha takliflar kiritsin;
chet davlatlar fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish boʻyicha takliflarni ushbu davlatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish darajasidan, jahon turizm bozorining konyunkturasi hamda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda muntazam ravishda kiritib borsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Abduhakimov) “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK (Tyan) bilan birgalikda Malayziya, Indoneziya va boshqa mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasidagi muqaddas qadamjolarga ziyorat turizm yoʻnalishidagi sayyohlarni jalb qilish boʻyicha ishlarni faollashtirsin, bu borada kerakli reklama tadbirlarini oʻtkazsin, logistika, jumladan, charter reyslarni tashkil etish masalalarini hal etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, (Abduhakimov), Iqtisodiyot vazirligi (Saidova) va qator tijorat banklarining Buxoro va Samarqand shaharlaridagi turizm hududlari tajribasi asosida Urganch, Toshkent shaharlari va Fargʻona viloyatida turizm hududlari, shuningdek, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida togʻ klasterlarini bosqichma-bosqich tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda 2018 — 2022-yillarda turizm hududlari va togʻ klasterlarini tashkil etishning tashkiliy-texnik masalalarini koʻzda tutadigan hukumat qarorini qabul qilsin, unda loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va kreditlash uchun masʼul tijorat banklarini belgilashni nazarda tutsin, shuningdek, chet el sarmoyadorlarini oʻz vaqtida jalb qilish, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalari ajratilishi, qurilish ishlarining boshlanishi va sifatli yakuniga yetkazilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Abduhakimov) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (Ahmedxoʻjayev) bilan birgalikda tashkil etilayotgan turizm hududlari va togʻ turizmi klasterlariga chet el investitsiyalarini jalb qilish, shuningdek, yangi mehmonxonalar qurish uchun respublikaga yetakchi mehmonxona brendlarini taklif qilish yoki mamlakatimizdagi mehmonxona xoʻjaliklarini ular boshqaruviga berish boʻyicha choralar koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklariga:
tadbirkorlik subyektlariga yangi mehmonxonalar va boshqa turizm infratuzilma inshootlari qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun uzoq muddatli (15 yilgacha) kreditlar ajratishni amaliyotga joriy qilish, bunda kredit va foizlarni qoplashning mehmonxonalar kapital talabliligi va mavsumiy yuklanganligini hisobga oluvchi sharoitdan kelib chiqadigan talablarni nazarda tutish;
aeroportlar, temir yoʻl vokzallari, mehmonxonalar va boshqa turizm obyektlarida xalqaro toʻlov tizimlari bilan ishlaydigan bankomat va terminallar miqdorini tubdan koʻpaytirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga toʻlovlarni chet el valyutasida qabul qilish, jumladan, aloqasiz elektron toʻlovlarni joriy qilish boʻyicha qoʻshimcha qulayliklar yaratish;
tadbirkorlik subyektlariga chet el valyutasidagi mablagʻlarni oʻtkazish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar, terminallar ijarasi, erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi naqd pullarni inkassatsiya qilish va chet el valyutasida operatsiyalar amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xizmatlar uchun yigʻimlarning (komissiya toʻlovlarining) miqdori maksimal darajada maqbul boʻlishini taʼminlash tavsiya qilinsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-avgust,
PQ-3217-son
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3217-son qaroriga 3-ILOVA
2018-2019-yillarda chet davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha xalqaro shartnomalar ishlab chiqish va ularni imzolashga tayyorlash
1. Turkiya Respublikasi
2. Italiya Respublikasi
3. Germaniya Federativ Respublikasi
4. Fransiya Respublikasi
5. Ispaniya Qirolligi
6. Vyetnam Sotsialistik Respublikasi
7. Tojikiston Respublikasi
8. Qirgʻiziston Respublikasi
9. Gruziya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3217-son qaroriga 4-ILOVA
Xorijiy turistlar, jumladan, ziyorat qilish maqsadida kelayotgan turistlar uchun viza va roʻyxatdan oʻtish tartibotlarini bosqichma-bosqich soddalashtirishga doir takliflar tayyorlash boʻyicha ishchi guruh
Izoh. Ishchi guruh tarkibi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Ishchi guruh raisiga muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibiga yangi aʼzolarni kiritish, shuningdek, boshqa vazirliklar va idoralar ekspertlari va mutaxassislarini jalb qilish huquqi berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga