PQ-3220-son Qaror · 16.08.2017

“Oʻzsanoateksport” AJ faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3220
  • Qabul qilingan sana:16.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:28.08.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 34

Iqtisodiyot tarmoqlarining eksport salohiyatini kengaytirish, tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda, raqobatbardosh mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishda ularga har tomonlama yordam koʻrsatish boʻyicha “Oʻzsanoateksport” AJ faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar “Oʻzsanoateksport” AJ faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:

birinchidan, chuqur marketing tadqiqotlarini olib borish, mamlakat iqtisodiyot tarmoqlarining mahsulotlariga boʻlgan jahon konyunkturasi tendensiyalarini oʻrganish va buning asosida mahalliy mahsulotlarni sotishning istiqbolli xorijiy bozorlarini aniqlash va eksportga mahsulot yetkazib berish geografiyasini kengaytirish;

ikkinchidan, tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlariga oʻzlari ishlab chiqarayotgan mahsulotning chet ellardagi potensial xaridorlarini izlab topishda koʻmaklashish, shuningdek, mamlakatimiz korxonalarida eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga xorijiy sheriklarning buyurtmalarini joylashtirish;

uchinchidan, mahalliy mahsulot yetishtiruvchilarni keng namoyish etishni taʼminlash hamda ana shu mahsulotni sotishni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida oʻtkaziladigan tender (tanlov) savdolarida, xalqaro savdo-sanoat koʻrgazmalari, yarmarkalar va boshqa shunga oʻxshash tadbirlarda qatnashish, ixtisoslashtirilgan internet-nashrlarda Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyati toʻgʻrisidagi, tashkilotlarning ilmiy va ishlab chiqarish imkoniyatlari haqidagi axborotni tarqatish;

toʻrtinchidan, mashinasozlik, farmatsevtika, neft-gaz, metallurgiya, toʻqimachilik, gʻallachilik, kimyo va neft-kimyo sanoati, qurilish materiallari sanoati hamda boshqa sanoat korxonalariga ularning mahsulotlari eksportga chiqarilishida koʻmaklashish, shu jumladan korxonalarni eksport oldidan moliyalashtirish shaklida kreditlash;

beshinchidan, chet ellarda tashkilotlar (savdo uylari, vakolatxona va korxonalar) barpo etish hamda konsignatsiya shartnomalari (kontraktlari) va boshqa shakldagi shartnomalar asosida ularning manziliga tovarlar yuklab joʻnatilishini taʼminlash;

oltinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida respublika sanoat korxonalarining boʻsh yotgan ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish maqsadida qayta ishlash (tolling) boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb etish;

yettinchidan, chet ellardan tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilishda davlat organlari va tashkilotlarga, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda yordam koʻrsatish.

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri (E.M. Gʻaniyev), “Oʻzsanoateksport” AJ boshqaruvi raisi (E.Ya. Yunusov) hamda uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning rahbarlari zimmasiga aksiyadorlik jamiyatiga yuklangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

2. “Oʻzsanoateksport” AJning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 40 nafardan iborat boʻlgan ijro apparati tuzilmasi ilovaga muvofiq maʼqullansin.

3. “Oʻzsanoateksport” AJga:

“Oʻzsanoateksport” AJning chet ellardagi savdo uylari manziliga ozuqabop bugʻdoydan foydalanishning tasdiqlangan balansi hajmlari doirasida konsignatsiya shartlariga muvofiq oziq-ovqat uni va bugʻdoyni yuklab joʻnatish;

“Oʻzsanoateksport” AJ tomonidan olib kelingan va “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirilgan xom ashyo va materiallarni qayta ishlash natijalariga koʻra olingan mahsulotlarni jahon bozorlarida sotish uchun keyinchalik olib chiqib ketish huquqi berilsin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-dekabrdagi PF-5287-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2017-y., 06/17/5287/0425-son)

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi (E.M. Gʻaniyev) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi U.U. Rozukulov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 16-avgust,

PQ-3220-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3220-son qarorigaILOVA

“Oʻzsanoateksport” AJ ijro apparati

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 40 nafar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.