Mamlakatimizda inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish va fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni kamaytirish boʻyicha izchil islohotlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, hududlarda huquq ustuvorligi va qonuniylikni taʼminlash, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining ijrosini tashkil etish holatini oʻrganish, baholash va aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha samarali mexanizmlarni yaratish lozim.
Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hududlarda huquq ustuvorligi va qonuniylikni taʼminlash borasidagi masʼuliyatini kuchaytirish, tegishli xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning oʻrnini yanada yaxshilash maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Oliy Majlis Senati, Adliya vazirligi va Oliy sudning respublika hududlarida huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatini reyting asosida baholovchi Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini (keyingi oʻrinlarda — Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda, Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha statistik koʻrsatkichlar va oʻtkaziladigan ijtimoiy soʻrovlar natijalari asosida aniqlanadi:
qonun hujjatlariga rioya qilinishi;
fuqarolar huquq va erkinliklarining taʼminlanishi;
odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi;
huquq-tartibot oʻrnatilganligi va xavfsizlikning taʼminlanganligi;
mahalliy ijro organlari faoliyatining samarali nazorat qilinishi;
korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi;
hokimiyat institutlarining shaffofligi.
2. Quyidagilar:
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aks ettiruvchi indikatorlar 1-ilovaga muvofiq;
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash “Huquq ustuvorligi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Tizim) orqali quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan Tizimga tegishli statistik maʼlumotlar har yili 25-mayga qadar kiritib boriladi;
(3-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
b) Adliya vazirligi tomonidan:
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi hamda tegishli mezonlar boʻyicha vakolatli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Tizim orqali aholi va soha mutaxassislari oʻrtasida huquq ustuvorligi taʼminlanganlik holatiga oid ijtimoiy soʻrovlar har yili 1-martga qadar oʻtkaziladi;
Tizimga kiritilgan maʼlumotlar umumlashtirilgan holda oʻtgan hisobot yili uchun Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi har yili 1-mayga qadar tuziladi;
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi natijalari boʻyicha axborot Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashiga har yili 30-iyunga qadar kiritib boriladi hamda ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinishi taʼminlanadi;
(3-band “b” kichik bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
v) Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi natijalari boʻyicha axborot Oliy Majlis palatalari, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi, Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari majlislarida har yili 10-iyulga qadar muhokama qilib boriladi.
(3-band “v” kichik bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
Adliya vazirligiga Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash doirasida ijtimoiy soʻrovlarni oʻtkazish uchun autsorsing asosida boshqa tashkilotlarning xizmatlaridan belgilangan tartibda foydalanish huquqi berilsin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Adliya vazirligi Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlashda ishtirok etuvchi masʼul idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda Tizim operatori vazifasini bajaradi;
Adliya vazirligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan birgalikda Hududlarning huquq ustuvorligi indeksida past natijalarga ega boʻlgan subyektlarni aniqlaydi, tegishli indikatorlar boʻyicha koʻrsatkichlarni tahlil qiladi va ularning sabablarini oʻrganadi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar va chora-tadbirlar ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirish choralarini koʻradi.
Tizimni ishlab chiqish, ishga tushirish, texnik xizmat koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash hamda uning funksional imkoniyatlarini yanada takomillashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Adliya vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmalari va xalqaro tashkilotlarning grant mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
5. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov) Oliy sud (K.F. Kamilov), “Ijtimoiy fikr” markazi (N.H. Rahimova) hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda:
a) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash boʻyicha aholi va soha mutaxassislari oʻrtasida Tizim orqali oʻtkaziladigan ijtimoiy soʻrovlarni oʻtkazish dasturi va baholash mezonlarini hisoblash metodologiyasi tasdiqlanishini taʼminlasin;
b) 2021-yil 1-mayga qadar Tizimning ishlab chiqilishini va ishga tushirilishini taʼminlasin;
v) masʼul idora va tashkilotlar bilan birgalikda 2021-yil 1-iyulga qadar 2020-yil uchun Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash ishlarini yakunlasin va natijalarini eʼlon qilsin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oliy Majlis palatalariga Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash jarayonidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritib borsin.
6. Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) hamda boshqa masʼul idora va tashkilotlar rahbarlari:
Tizimga maʼlumotlarning oʻz vaqtida kiritilishiga, shuningdek statistik maʼlumotlarning haqqoniyligiga;
Adliya vazirligining murojaatiga asosan soʻrovlarda ishtirok etuvchi potensial respondentlarni jalb qilish hamda tegishli maʼlumotlarning oʻz vaqtida taqdim etilishida amaliy yordam koʻrsatishga shaxsan javobgar hisoblanadi.
7. Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) hamda boshqa masʼul idora va tashkilotlar ikki oy muddatda oʻzlarining idoraviy statistik hisobotlarining tizimga kiritiladigan statistik maʼlumotlar bilan moslashtirilishini va yangilangan hisobot shakllarining 2020-yil yakunlari boʻyicha ham shakllantirilishini taʼminlasin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-dekabrdagi PQ-462-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2022-y., 07/22/462/1135-son)
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q. Davletov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021-yil 1-avgustga qadar axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-yanvar,
PQ-4951-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi PQ-4951-son qaroriga 1-ILOVA
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aks ettiruvchi
1. Hududlarda qonun hujjatlariga rioya qilinishi.
1.1. Qonun va qonunosti hujjatlarning hududlarda ijro etilishi ahvoli.
1.2. Maʼmuriy tartib-taomillarga rioya etilishi holati.
1.3. Mulk huquqi daxlsizligining taʼminlanganligi.
2. Fuqarolar huquq va erkinliklarining taʼminlanishi.
2.1. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qiynoqlar va asossiz ushlab turish holatlari.
2.2. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqlarini amalga oshirishda toʻsiqlarning mavjud emasligi.
2.3. Fikr va soʻz erkinligidan foydalangan fuqarolar va jurnalistlarga nisbatan bosim oʻtkazish holatlari.
2.4. Shaxsiy hayotga oʻzboshimchalik bilan aralashish holatlari.
2.5. Fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanganligi.
2.6. Asosiy mehnat huquqlarining (ish haqi, ish vaqti, majburiy mehnat va boshqalar) taʼminlanganligi.
3. Odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi.
3.1. Aholining sudlar orqali oʻz huquqlarini roʻyobga chiqarish imkoniyatidan foydalanishi.
3.2. Aholining sud qarorlari xolisligidan qanoatlanishi.
3.3. Aholining sud organlarida korrupsiya alomatlari mavjudligi haqidagi tasavvurlari.
3.4. Sudlarning davlat organlari taʼsiridan xoliligi.
3.5. Sudlar tomonidan protsessual muddatlarga rioya qilinishi.
3.6. Sud qarorlarining lozim darajada ijro etilishi.
4. Huquq-tartibot oʻrnatilganligi va xavfsizlikning taʼminlanganligi.
4.1. Hududlarda jinoyatchilik darajasi.
4.2. Hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligi.
4.3. Hududdagi jinoyatlarni aniqlash va ularga qarshi samarali choralar koʻrilishi.
4.4. Fuqarolarning adolatni “shaxsan” qaror toptirishga moyilligi.
5. Mahalliy ijro organlari faoliyatining samarali nazorat qilinishi.
5.1. Xalq deputatlari Kengashi tomonidan hokimliklar faoliyatining nazorat qilinishi.
5.2. Mahalliy ijro organlari qarorlari bilan bogʻliq nizolarning maʼmuriy sudlarda koʻrib chiqilishi.
5.3. Mahalliy ijro organlari masʼullarining sodir etgan huquqbuzarliklari uchun javobgarligi taʼminlanishi.
5.4. Mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati.
6. Korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi.
6.1. Ijro organlari mansabdor shaxslari tomonidan mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlarining mavjudligi.
6.2. Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar xodimlari tomonidan mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlarining mavjudligi.
6.3. Ijtimoiy sohada korrupsiyaning tarqalganlik darajasi.
6.4. Davlat xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiyaning tarqalganlik darajasi.
6.5. Qarindosh-urugʻchilik, oshna-ogʻaynigarchilik va mahalliychilik unsurlarining namoyon boʻlish holatlari.
7. Hokimiyat institutlarining shaffofligi.
7.1. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ochiqligi.
7.2. Mahalliy ijro organlari tomonidan fuqarolarning axborot olish huquqi taʼminlanganligi.
7.3. Fuqarolarning mahalliy darajadagi qarorlarni qabul qilish jarayonidagi ishtiroki.
7.4. Mansabdor shaxslar xatti-harakatlari ustidan shikoyat berish mexanizmlaridan samarali foydalanilishi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi PQ-4951-son qaroriga 2-ILOVA
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom respublika hududlarida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatini reyting asosida baholash natijasida Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
indikatorlar — huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatini aks ettiruvchi asosiy ustuvor koʻrsatkichlar;
subindikatorlar — indikatorlar boʻyicha baholarni shakllantirishda foydalaniladigan aniq sohalar boʻyicha koʻrsatkichlar;
baholash mezonlari — subindikatorlarni baholashda inobatga olinadigan ijtimoiy munosabatlar sohalari boʻyicha respondentlarning baholari va koʻrsatkichlardagi oʻzgarishlar;
respondent — huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatini aniqlashda oʻtkaziladigan soʻrovda ishtirok etish uchun tanlab olingan shaxs;
respondent-aholi — huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatini aniqlashda oʻtkaziladigan soʻrovda ishtirok etish uchun aholi orasidan tanlab olingan jismoniy shaxs;
respondent-ekspert — huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatini aniqlashda oʻtkaziladigan soʻrovda ishtirok etish uchun tegishli sohada faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislar orasidan tanlab olingan jismoniy shaxs.
3. Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash va uning natijalaridan foydalanish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq qonuniylik, oshkoralik, shaffoflik, xolislik, adolatlilik va tenglik tamoyillariga asoslangan holda amalga oshiriladi.
II bob. Huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatini baholashning ustuvor sohalari va ularni baholash tartibi
4. Indikatorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tumanlar (shaharlar) boʻyicha alohida hisoblab chiqiladi.
5. Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlashda quyidagi 7 ta indikatorlar baholanadi:
qonun hujjatlariga rioya qilinishi;
fuqarolar huquq va erkinliklarining taʼminlanishi;
odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi ;
huquq-tartibot oʻrnatilganligi va xavfsizlikning taʼminlanganligi;
mahalliy ijro organlari faoliyatining samarali nazorat qilinishi;
korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi;
hokimiyat institutlarining shaffofligi.
6. Ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq soʻrovlar natijalari hamda statistik maʼlumotlar baholash mezonlari va huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatiga oid maʼlumotlarni shakllantirish manbalari hisoblanadi.
7. Soʻrovlar “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan, shuningdek autsorsing asosida jalb qilingan tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-dekabrdagi PQ-462-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2022-y., 07/22/462/1135-son)
8. Soʻrovlar respondent-aholi va respondent-ekspert oʻrtasida oʻtkaziladi.
9. Soʻrovlar oʻtgan hisobot yili uchun joriy yil 1-martga qadar “Huquq ustuvorligi” avtomatlashtirilgan axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — Tizim) oʻtkaziladi va uning maʼlumotlari avtomatik tarzda umumlashtiriladi.
10. Soʻrovda javoblar uchun beriladigan ball savolnomada nazarda tutilgan har bir savoldagi javob variantlarining soniga mutanosib ravishda 0 balldan 100 ballgacha boʻlgan oraliqda belgilanadi.
11. Soʻrov asosida shakllantiriladigan baholash mezonlari quyidagi formula asosida hisoblanadi:
Mq = ((Qj / Rj) + ... + (Qjn / Rjn)) / Sn
bunda:
Mq — baholash mezoni uchun berilgan oʻrtacha ball;
Qj — birinchi savol boʻyicha berilgan jami ballar yigʻindisi;
Rj — birinchi savolga javob bergan jami respondentlar soni;
Qjn — har bir savol boʻyicha jami ballar yigʻindisi;
Rjn — har bir savolga javob bergan jami respondentlar soni;
Sn — soʻrovda berilgan jami savollar soni.
12. Mazkur Nizomga 2-ilovada nazarda tutilgan masʼul idora va tashkilotlar oʻtgan hisobot yili uchun tegishli statistik maʼlumotlarni Tizimga joriy yil 25-mayga qadar kiritib borishi va maʼlumotlar ularning birinchi rahbarlari tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi shart.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
13. Ushbu Nizomga 2-ilova 1.1, 1.2, 1.3, 2.1-bandlarining statistik koʻrsatkichlarga asoslangan baholash mezonlari, 2.2-bandining 2.2.1.b, 2.2.3.b, 2.2.4.b, 2.2.5.b-baholash mezonlari, 2.3, 2.4, 2.6, 3.2-bandlarining statistik koʻrsatkichlarga asoslangan baholash mezonlari, 3.3-bandining 3.3.2.a, 3.3.2.b, 3.3.2.v, 3.3.2.g, 3.3.3.b-baholash mezonlari, 3.4, 3.5, 3.6, 4.1-bandlarining statistik koʻrsatkichlarga asoslangan baholash mezonlari, 4.3-bandining 4.3.1.b, 4.3.2.a, 4.3.2.b-baholash mezonlari, 4.4-bandining statistik koʻrsatkichlarga asoslangan baholash mezonlari, 5.1-bandining 5.1.1.a-baholash mezoni, 5.2, 5.3, 6.1, 6.2, 6.3, 6.4, 6.5, 7.2-bandlarining statistik koʻrsatkichlarga asoslangan baholash mezonlari, 7.3-bandining 7.3.1.b-baholash mezoni, 7.4-bandining 7.4.1.a, 7.4.2.b-baholash mezonlari quyidagi formula asosida hisoblanadi:
Ms = 100-(((Kh – Kmin) / (Kmax – Kmin)) × (100 – 10))
bunda:
Ms — salbiy mezon miqdori;
Kh — baholanayotgan tegishli hududning mezon koʻrsatkichi;
Kmin — salbiy mezonlar uchun belgilangan eng minimal koʻrsatkich “nol”*;
Kmax — baholanayotgan mezon boʻyicha barcha hududlar orasida eng yuqori son miqdoriga ega boʻlgan hududning koʻrsatkichi.
* Ushbu Nizomga 2-ilova 3.2-bandining statistik koʻrsatkichlarga asoslangan baholash mezonlari uchun Kmin — baholanayotgan mezon boʻyicha respublika boʻyicha oxirgi besh yillik oʻrtacha koʻrsatkichning son miqdoriga teng boʻladi, 3.3-bandining 3.3.2.v, 3.3.3.b-baholash mezonlari, 4.3-bandining 4.3.1.b-baholash mezoni uchun Kmin — baholanayotgan mezon boʻyicha barcha hududlar orasida eng past son miqdoriga ega boʻlgan hududning koʻrsatkichi tushuniladi.
14. Ushbu Nizomga 2-ilova 2.2-bandining 2.2.2.b-baholash mezoni, 2.5, 3.1-bandlarining statistik koʻrsatkichlarga asoslangan baholash mezonlari, 3.3-bandining 3.3.3.a-baholash mezoni, 4.2-bandining statistik koʻrsatkichlarga asoslangan baholash mezonlari, 4.3-bandining 4.3.1.v, 4.3.2.v-baholash mezonlari, 5.1-bandining 5.1.2.a-baholash mezoni, 5.4-bandining 5.4.1.b, 5.4.2.a, 5.4.2.b, 5.4.2.v, 5.4.2.g, 5.4.2.d, 5.4.2.e, 5.4.2.yo-baholash mezonlari, 7.1-bandining 7.1.2.b, 7.1.3.b-baholash mezonlari, 7.3-bandning 7.3.2.b, 7.3.3.b-baholash mezonlari, 7.4-bandining 7.4.3.a-baholash mezoni quyidagi formula asosida hisoblanadi:
Mi = (((Kh – Kmin) / (Kmax – Kmin)) × (100 – 10)) + 10
bunda:
Mi — ijobiy mezon miqdori;
Kh — baholanayotgan tegishli hududning mezon koʻrsatkichi;
Kmin — baholanayotgan mezon boʻyicha barcha hududlar orasida eng past son miqdoriga ega boʻlgan hududning koʻrsatkichi**;
Kmax — baholanayotgan mezon boʻyicha barcha hududlar orasida eng yuqori son miqdoriga ega boʻlgan hududning koʻrsatkichi***.
**Ushbu Nizomga 2-ilova 4.3-bandining 4.3.1.v, 4.3.2.v-baholash mezonlari boʻyicha koʻrsatkichi salbiy boʻlgan hududlarda Kmin “nol”ga teng boʻladi.
***2021-yil yakunlaridan boshlab hududlarning koʻrsatkichlaridagi oʻzgarishlar bundan oldingi yildagi har bir mezon uchun aniqlangan Kmax dan kelib chiqib hisoblanadi. 2023-yil yakunlaridan boshlab, keyingi yil uchun Kmax bundan oldingi uch yildagi Kmax ning oʻrtacha miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
15. Ushbu Nizomga 2-ilova 5.1-bandining 5.1.3.a-baholash mezoni, 5.4-bandining 5.4.2.j-baholash mezoni, 7.1-bandining 7.1.1.b, 7.1.4.b-baholash mezonlari quyidagi formula asosida hisoblanadi:
Mf = (Kh / Kmax) × 100
bunda:
Mf — foizda hisoblanadigan mezon miqdori;
Kh — baholanayotgan tegishli hududning mezon koʻrsatkichi;
Kmax — baholanayotgan mezon boʻyicha qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar soni.
16. Soʻrov va statistik maʼlumotlar asosida baholanadigan mezonlar quyidagi tartibda yagona son miqdoriga keltiriladi:
M = (Mq + Ms + Mi + Mf) / Rn
bunda:
M — baholanayotgan mezon miqdori;
Rn — baholanayotgan manbalar soni.
17. Baholanayotgan mezonlar miqdori aniqlangandan soʻng, subindikatorlar quyidagicha hisoblanadi:
Is = (M1 + M2 + … + Mn) / n
bunda:
Is — subindikator balli;
M1, M2, Mn — subindikatorni baholash mezonlari miqdori;
n — subindikatorni baholashdagi jami mezonlari soni.
18. Tizimga kiritilgan maʼlumotlar umumlashtirilgan holda oʻtgan hisobot yili uchun Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi har yili 1-mayga qadar tuziladi.
III bob. Huquq ustuvorligining taʼminlanganlik holatini baholash natijalarini taqdim etish va ulardan foydalanish
19. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi natijalari boʻyicha axborot tayyorlaydi va har yili 30-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari va Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashiga kiritadi hamda ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qiladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
20. Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi natijalari boʻyicha axborot Oliy Majlis palatalari, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi, Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari majlislarida har yili 10-iyulga qadar muhokama qilib boriladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
21. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari rahbarlari ushbu Nizomga 3-ilovada koʻrsatilgan taqsimotga koʻra, Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi indikatorlari boʻyicha aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
IV bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning rivojlanish tendensiyalaridan kelib chiqib, Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tizimi takomillashtirilib borilishi mumkin.
23. Mazkur Nizomga 2-ilovada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga masʼul boʻlgan idora va tashkilotlar tomonidan Tizimga ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, ularni oʻz vaqtida kiritmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash va natijalaridan foydalanish sxemasi
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga2-ILOVA
Huquq ustuvorligi indikatorlarini baholash mezonlari va maʼlumotlarni shakllantirish
* Mazkur ustundagi statistik maʼlumotlar, vakolatli organlar tomonidan oʻtkazilgan tegishli sohalardagi tekshirishlar, oʻrganishlar, monitoring natijalari, jinoiy, maʼmuriy, fuqarolik va boshqa ishlarga oid statistik maʼlumotlar asosida shakllantiriladi.
** Soʻrov orqali shakllantiriladigan maʼlumotlar faqat soʻrovlarda qatnashgan fuqarolarning fikrini anglatadi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga3-ILOVA
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aks ettiruvchi indikatorlar uchun masʼullar
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)