Har bir aviatsiya halokati yoki baxtsiz hodisa albatta tekshirishdan oʻtkazilmogʻi lozim.
Halokatlar yoki baxtsiz hodisalar:
fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyada – Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi komissiyalari tomonidan;
davlat aviatsiyasida – Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi komissiyalari tomonidan tekshiriladi.
Halokat yoki baxtsiz hodisa davlat va fuqaro aviatsiyasi yoki davlat aviatsiyasi va eksperimental aviatsiya manfaatlariga daxldor boʻlgan taqdirda tekshirish Oʻzbekiston Respublikasining Transport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa daxldor vazirliklari va idoralari vakillaridan tashkil topgan qoʻshma komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunday komissiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
Tekshirishni tashkil qilish va amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan qoidalar bilan belgilanadi. Aviatsiya halokati yoki baxtsiz hodisani bunday tekshirishdan maqsad kimningdir aybini yoki javobgarligini belgilash emas, balki hodisaning obyektiv sabablarini aniqlashdan iboratdir.